Shrift o'lchami: A A A
Fon rangi: A A
Ishonch telefoni (+998 71) 268-17-44
Elektron pochta info@tipme.uz

Kafedra tarixi

1934 yilda Toshkent (oldingi O‘rta Osiyo) vrachlar malakasini oshirish institutida “Ko‘z kasalliklari” kafedrasi tashkil etilgan.
Kafedraga mudirlik qilgan professor o‘qituvchilar:
–    Professor Arxangelskiy Petr Fedorovich (1934-1948 yy.);
–    Professor Popova Sofya Alekseevna (1948-1952 yy.);
–    Dotsent Shkarenko Zoya Semyonovna (1952-1957 yy.);
–    Professor Komilov Maxamadjon Komilovich (1957-1988 yy.);
–    Kafedraga 1988 yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston Qahramoni, tibbiyot fanlari doktori, professor Komilov Xolidjon Maxamadjonovich mudirlik qilib kelmoqdalar.
Kafedraning o‘quv-amaliy bazasi 1948 yilgacha Toshkent tibbiyot instituti klinikasining, 1948 yildan 1961 yilgacha Tez tibbiy yordam klinik shifoxonasining, 1961-1966 yillarda Toshkent shahar №15 sonli klinik shifoxonasining ko‘z kasalliklari bo‘limida, 1966 yildan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasida (RKKKSh) joylashgan.

 

Arxangelskiy Petr Fedorovich

 


O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor (1934-1948 yy. kafedra mudiri).
P.F. Arxangelskiy 1932 yilda Toshkent tibbiyot instituti oftalmologiya kafedrasini boshqargan, 1934 yildan 1948 yilgacha TVMOI ko‘z kasalliklari kafedrasiga mudirlik qilgan. 1917 yilda Varshava instituti tibbiyot fakultetini tugatgan. Doktorlik dissertatsiyasini 1922 yilda himoya qilgan. 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Uning tashabbusi bilan 1936 yilda ko‘zni protezlash punkti, 1940 yilda traxomaga qarshi kurash punkti tashkil etilgan. Glukomaning patogenezi va xirurgik davolash usullarini o‘rganish hamda amaliyotga tadbiq etishga, ko‘z ichi bosimini muvozanatini saqlovchi va shartli reflektor mexanizmlarni o‘rganishga, antiglaukomatoz jarrohlik muolajalar (skleroiridektomiya, sklerotomoiridektomiya)ni amalga oshirish va unga zarur xirurgik asbob-uskunalarni takomillashtirishga juda katta hissalarini qo‘shgan.
O‘zbekistondagi ko‘z kasalliklari shifoxonalari va tibbiyot muassasalarining ko‘z bo‘limlarida glaukomani xirurgik davolashda sklerotomoiridoektomiya jarrohlik amaliyoti keng qo‘llanilgan.

 

Popova Sofya Alekseevna

 

Tibbiyot fanlari doktori, professor (1948-1952 yy. kafedra mudiri). S.A. Popova 1948 yildan 1952 yilgacha TVMOI ko‘z kasalliklari kafedrasiga, 1953-1957 yillarda Toshkent tibbiyot instituti ko‘z kasalliklari kafedrasiga mudirlik qilgan. 1917 yilda Petrograd tibbiyot instituti tugatgan. Doktorlik dissertatsiyasini 1948 yilda himoya qilgan. Ko‘p yillar davomida ko‘z leyshmaniozi muammosi bilan shug‘ullangan, shuningdek malyariyaning ko‘ruv a’zolariga ta’sirini o‘rganishga juda katta hissa qo‘shgan.

 

Shkarenko Zoya Semyonovna

 

Tibbiyot fanari nomzodi, dotsent (1952-1957 yy. kafedra mudiri). Z.S. Shkarenko 1952 yildan 1957 yilgacha TVMOI ko‘z kasalliklari kafedrasiga mudirlik qilgan. Uning ilmiy ishlari ko‘ruv a’zolari brusellyozi morfologiyasini eksperimentda o‘rganish hamda glaukomani xirurgik davolashda sklerotomoiridektomiya operatsiyasidan keyingi asoratlar bo‘yicha bo‘lgan.

 

Komilov Maxamadjon Komilovich

 

Komilov M.K. – zamonaviy oftalmologiyaning asoschisi,  bizning mamlakatimizdan tashqarida ham mashhur shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrach, Sog‘likni Saqlash tashkilotchisi, «Mehnat Qizil Bayrog‘i», «Qizil Yulduz», «Ulug‘ jahon urushi» ordenlari, 12 ta medal, O‘zbekiston Respubikasi Oliy Kengashining Fahriy yorliqlari va ko‘krak nishonlari soxibidir.
Komilov M.K. 12 mart 1917 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1939 yilda Toshkent Tibbiyot instituti davolash fakultetini tamomladi va shu yili aspiranturaga kirdi. U urushning birinchi kunlaridanoq harbiy xizmatda Leningrad frontida qatnashdi va o‘z xizmatini 1946 yilda Turkiston Harbiy okrugida yakunladi. Komilov M.K. 1946 yildan to umrining oxirigacha butun hayotini Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti oftalmologiya kafedrasiga bag‘ishladi. Kafedrada 1946-1949 yillarda klinik ordinaturada o‘kidi, 1949 yildan 1957 yilgacha kafedra assistenti, 1957 yildan 1988 yilgacha kafedra rahbari, 1988 yildan 1991 yilgacha kafedraning maslahatchi-professori bo‘lib ishladi.
Komilov M.K. o‘ziga va boshqalarga nisbatan o‘ta talabchanligi tufayli urushdan keyingi yillarda Respublikamiz oftalmologiya ilmi va xizmatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
O‘z ishini professionali, mohir tashkilotchi Komilov M.K. urush davridanoq S.M. Kirov nomli Harbiy Tibbiy Akademiyasida o‘z o‘qishini boshladi.
1955 yilda Moskva shahridagi vrachlar malakasini oshirish Markaziy institutida dissertatsiya yoqlab, tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1970 yilda ko‘ruv a’zolari jarohatlari va ularni profilaktikasiga bag‘ishlangan doktorlik ilmiy ishini yoqladi. Shifoxonalarda uzoq vaqt ishlaganligi Moskva, Leningrad, Praga, Vena shaharlarida davolash, hamda ilm berish ishlarining qanday tashkil etilganligini keng o‘rganligi bilan u tajribali vrach-diagnost hamda o‘z ishini ipidan ignasigacha chuqur biladigan ko‘z jarrohi bo‘lib yetishgan. U jarrohlik texnikasini juda yaxshi egallagan, har qanday ko‘z kasalligini operatsiya qilishga qodir mutaxassis.
Maxamadjon Komilov Toshkent va Moskva shaharlarida joylashgan vrachlarning malakasini oshirish institutlarida uzoq yillar davomida pedagogik ishlarni olib borib, o‘z darslarini zamonaviy bilimlar darajasida tushuntira oladigan, tajribali pedagog ekanini ham isbotladi. U jamoat yo‘li bilan topshirilgan barcha ishlarni sifatli qilib, tashabbus bilan bajarib kelgan.
Texnik estetika va mehnatni ilmiy tashkillashtirishga yondashuv asosida Komilov M.K. tomonidan O‘zbekistonning yirik ishlab chiqarish korxonalarida ko‘ruv a’zolari jarohatlarining profilaktikasi, ko‘ruv a’zosi kontuziyasi klassifikatsiyasi ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilgan. Hozirgi davrgacha bu klassifikatsiyadan Respublika oftalmologlari samarali foydalanib kelmoqdalar.
Professor Komilov M.K. traxoma kasalligini yuqotish va boshqa ko‘zning infeksion kasalliklarini davolash asoslariga katta hissa qo‘shdi.
Professor Komilov M.K. o‘zbek oftalmologiyasini “otasi” bo‘lib hisoblanadi. 1964 yilda u tomonidan tashkil etilgan traxomaga qarshi faoliyatlari natijasida O‘zbekistonda traxoma kasalligi bartaraf etildi. Hozirgi kunda ham har bir viloyatda oftalmologik kabinetlar, bo‘lim va shifoxonalarda bu xizmat tashkil etilgan.  
O‘zbekiston Respublikasining bosh oftalmologi sifatida 1958 yilda O‘zbekiston oftalmologlari ilmiy jamiyatini tashkil etdi va 1989 yilgacha raislik qilib keldi. Shu bilan birga Butunittifoq oftalmologlar jamiyati Prezidiumining a’zosi, «O‘zbekiston tibbiyot jurnali» tahririyatining a’zosi bo‘lib ishlagan.
Komilov M.K. – O‘zbekiston oftalmologiya maktabini asoschisi bo‘lib, uning asosiy ilmiy yo‘nalishlari ko‘z jarohatlari, yallig‘lanish, qon tomir kasalliklari, katarakta va glaukomaga bag‘ishlangan.
M.K. Komilov va uning o‘kuvchilari tomonidan ko‘z jarohatlaridan tashqari, ko‘zning yallig‘lanish kasalliklarida antibiotiklarni differensial qo‘llash bo‘yicha ilmiy yo‘nalishlar olib borildi, ko‘zning tomirli kasalliklarida va glaukomada gemodinamika va gidrodinamika holati o‘rganildi, gipertenzion holatlar va kataraktada yangi jarrohlik amaliyotlari ishlab chiqildi.
Professor Komilov M.K. tomonidan ko‘z jarrohligining mikroxirurgik texnikalari ishlab chiqildi va Respublika oftalmologiya amaliyotiga tadbiq etildi.
O‘zining kuchli tashkilotchilik hususiyatlariga va ilmiy qarashlariga ko‘ra Komilov M.K. nevrologiya, pulmonologiya, terapiya va boshqa sohalarga asoslanib, fanlararo ilmiy izlanishlar bazasini tashkil etdi.
U birinchi bo‘lib oftalmologiyaning yangi yo‘nalishlariga asos soldi. Neyrooftalmologiya, oftalmotravmatologiya sohalarini rivojlantirdi va o‘z o‘kuvchilarini shu sohalarga yo‘naltirdi.
Professorning rahbarligi ostida 30 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiya ishlari himoya qilindi. Butunittifoq oftalmologlar V s’ezdi, Respublikada ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi va 10 dan ortiq ilmiy to‘plam va uslubiy tavsiyanomalar chop etildi.
Komilov M.K. 2 monografiya, 130 dan ortiq ilmiy ishlar, uslubiy tavsiyanomalar, qo‘llanmalar va axborot xatlari muallifi, bular hozirgi davrgacha ko‘z shifokorlari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayapti.
Uning oftalmologiyada tashhisiy xatoliklarga bag‘ishlangan monografiyasi uzoq yillar davomida ko‘z shifokorlari uchun dasturiy-amal bo‘lib keldi va hozirgi davrgacha u o‘zining dolzarbligini yo‘kotmadi.
Komilov M.K. professional sifatida minglab bemorlarga yordam berdi, oftalmologiya xizmatida esa ko‘pgina dolzarb muammolarni hal etib, o‘z hissasini qo‘shdi. Uning yorkin xotirasi farzandlari hayotida aks etdi. Uning o‘g‘li Komilov X.M. – O‘zbekiston Qahramoni, senator, tibbiyot fanlari doktori, professor  va qizi Komilova G.M.- oftalmojarrox; Komilov M.K.ning xizmatlari ko‘plab o‘quvchilari, kitoblari, ilmiy ishlari va xalq xotirasida aks etib kelmoqda.
1994 yilda u «Jasorat» medali, 1967 yilda – «O‘zbekiston SSR da xizmat ko‘rsatgan vrach», 1977 yilda – «O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» kabi davlat mukofotlari sohibi bo‘ldi.
Ilmga chuqur yondoshuv, haqiqatgo‘ylik, fidoyilik, o‘z xalqiga beminnat xizmat ko‘rsatish, avvaldan ko‘ra bilish qobiliyati – bularning hammasi buyuk olimni xalqning chuqur hurmat e’tiborini qozonishiga asos bo‘ldi.