Shrift o'lchami: A A A
Fon rangi: A A
Ishonch telefoni (+998 71) 268-17-44
Elektron pochta info@tipme.uz

TXKMRM xuzuridagi ko‘p tarmoqli klinika

TIBBIYOT XODIMLARINING KASBIY MALAKASINI RIVOJLANTIRISH MARKAZINING KO’P TARMOQLI KLINIKASI NIZOMI

  1. Ushbu Nizom Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi(keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi)ning ko‘p tarmoqli klinikasi (keyingi o‘rinlarda Klinika deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Klinika O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiy- sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va o’zluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 7 apreldagi PQ-4666-son qaroriga muvofiq Toshkent shahridagi 1-son Respublika klinik shifoxonasi negizida tashkil etilgan bo‘lib, Markazning tarkibiy to’zilmasi va klinik fanlarni o‘qitish uchun asosiy baza hisoblanadi. Shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda o‘quv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi.
  3. Klinika davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi, yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z mustaqil balansiga ega, belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi hududidagi banklarda hisob-kitob raqamlari va valyuta hisob raqamlarini, shaxsiy g‘azna hisob raqamlarini ochadi. O’zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasviri tushirilgan Klinikaning to‘liq nomi yozilgan muhrga, shtamplarga va blankalarga ega.
  4. Klinika yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi, shuningdek mutaxassislik turlari bo‘yicha tibbiyot va farmasevtika kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun klinik, o‘quv bazasi hisoblanadi.
  5. Klinika o‘z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  6. Klinika o‘z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Markazga bo'ysunadi.

Klinika muassisi Markaz hisoblanadi hamda uning faoliyati Markaz tomonidan muvofiqlashtiriladi.

  1. Klinikaning yuridik manzili: Toshkent shahar, Mirobod tuamani, S.Azimov ko‘chasi, 74-uy. Pochta manzili: 100060.

2-bob. Klinikaning asosiy maqsad, vazifa va funksiyalari

 

  1. Quyidagilar Klinikani tashkil etish va uning faoliyati maqsadlari hisoblanadi:

aholiga o‘z ixtisosligi bo’yicha yuqori malakali ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish;

yuqori malakali va yuqori sifatli hamda hozirgi zamon xalqaro talablariga mos keladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan yuqori texnologik moddiy va ilmiy bazani, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi maktabni shakllantirilishini ta’minlaydi;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va kasalliklarning oldini olishda aholining yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga bo‘lgan talablarining qondirilishini ta’minlaydi;

tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tarkibiy bo‘linmalari va klinik fanlarni o‘qitish uchun asosiy baza hisoblanadi. Shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda o‘quv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi;

klinika shifokor xodimlari tarkibini shakllantirishda tibbiyot oliy ta’lim muassasasi kafedralari professor-o‘qituvchilarining ishtiroki orqali o‘quv-ilmiy va amaliy jarayonni takomillashtirilishini ta’minlaydi;

tibbiyot oliy ta’lim muassasasi kafedralari xodimlarini dars jadvali va o‘quv rejaga muvofiq yetarli o‘quv xonalari, shuningdek, pedagogik, amaliy hamda ilmiy tekshirish faoliyati uchun sharoitlar bilan ta’minlaydi.

  1. Quyidagilar Klinikaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
  1. quyidagi aholiga o‘z ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish:

ro‘yxati O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida aniqlanadigan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga bepul asosda;

O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga (bundan ushbu kichik bandning ikkinchi xatboshida ko‘rsatilgan shaxslar mustasno), shuningdek, chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga pullik asosida;

  1. mavjud tibbiyot texnikalari parkining doimiy ravishda yangilab borilishini va modernizatsiya qilinishini ta’minlash, Klinikani o’z ixtisosligi bo‘yicha hozirgi zamon xalqaro talablariga mos keladigan yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash va buning uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish;
  2. Klinika faoliyatini ta’minlash uchun moliyaviy va moddiy-texnik resurslarni jalb qilish bo‘yicha menejment hamda marketing ishlarini tashkil etish;
  3. Klinika xodimlari Markaz kafedralari bilan birgalikda xodimlarining kasbiy darajasi sifatini oshirish yo’zasidan, shu jumladan, mutaxassislarning xorijiy yetakchi tibbiyot ta’limi muassasalarida va klinikalarida o‘z ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha stajirovkalarini tashkil etish hisobiga doimiy ravishda tajribalarini oshirib borish va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish;
  4. Klinika xodimlari Markaz kafedralari bilan birgalikda o‘z ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va kasalliklarni davolash bo‘yicha o‘z ilg‘or usullarini va texnologiyalarini ishlab chiqish hamda tibbiy amaliyotga joriy etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  5. Klinika xodimlari Markaz kafedralari bilan birgalikda o‘z ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarni davolash va ularga tashxis qo‘yishning patentlangan o‘z usullari va texnologiyalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish hamda ularning xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga erishish;
  6. Klinika xodimlari Markaz kafedralari bilan birgalikda o‘z ixtisosligi bo‘yicha Respublika miqyosida maqsadli dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda faol ishtirok etish;
  7. Klinika xodimlari Markaz kafedralari bilan birgalikda o‘z ixtisosligi bo‘yicha xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, to‘plangan tajriba, axborotlar, shuningdek mutaxassislar keng almashinuvini ta’minlash.
  1. Klinika o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:

o‘z ixtisosligi bo‘yicha hozirgi zamon xalqaro talablari darajasida kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va oldini olishning eng samarali, murakkab va yuqori texnologik usullariga bo‘lgan Respublika aholisining ehtiyojini qondiradi;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha keng tarqalgan kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va oldini olishning ilg‘or samarali usullari hamda texnologiyalarini ishlab chiqadi va joriy etadi;

mintaqalarga borgai holda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatadi;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha o‘zining yuqori malakali mutaxassislar maktabini shakllantiradi va rivojlantiradi;

Klinika ixtisosligi bo‘yicha tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun Markaz bilan kelishilgan holda O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritadi;

dori vositalarini, tibbiyot buyumlarini, shuningdek, o‘z ixtisosligi bo‘yicha tashxis qo‘yish va davolash usullarini klinik sinovdan o‘tkazadi;

xorij tibbiyot hamjamiyatiga o‘zining ilmiy va texnologik yutuqlarini taqdim etadi;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha o‘zining ilmiy, o‘quv-uslubiy va axborot-ma’lumotnoma materiallarini chop etadi;

tibbiyot kadrlarini tayyorlash jarayonida talabalarni o‘quv amaliy mashg‘ulotlarini tashkil qiladi hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirib boradi;

Klinikaning tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, chet mamlakatlarning shu yo‘nalishdagi tibbiyot muassasalari ishtirokida qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali chet ellik mutaxassislarni jalb qiladi;

tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tarkibiy bo‘linmalari va klinik fanlarni o‘qitish uchun asosiy baza hisoblanadi, shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda o‘quv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi;

amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlagan holda nazariy bilimlarni o‘zlashtirish asosida tibbiyot ta’lim muassasalarida shu yo‘nalishdagi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim sifatini oshirishga faol ko‘maklashadi.

3-bob. Klinikaning huquqlari va majburiyatlari

 

  1. Klinika o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

qonun hujjatlarida belgilangan doirada o‘ziga berilgan davlat mulkidan foydalanish va uni tasarruf etish;

rivojlantirishga doir biznes-rejalarni, xarajatlar smetalarini mustaqil shakllantirish, ularning hajmlarini va shakllantirish manbalarini, shuningdek, xarajatlar yo‘nalishlarini belgilash;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda asosiy vositalarni ijaraga olish yoki ijaraga berish, grantlarni va boshqa moliyaviy yordamni jalb qilish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan daromadlar doirasida Klinika xodimlarining mehnatiga haq to’lash va ularni moddiy rag‘batlantirish miqdorlarini belgilash;

mavjud moliyaviy resurslar doirasida asbob-uskunalar, dori vositalari va Klinika faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa moddiy-texnik vositalar xaridini amalga oshirish;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan grantlar olish uchun tanlovlarda ishtirok etish;

o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida yaratilgan intellektual mulk obyektlariga doir mualliflik huquqlarini olish va ulardan foydalanish;

chet ellik yuridik shaxslar bilan ilmiy va ilmiy-texnik hamkorlik qilish, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq tashqi hamkorlik faoliyatini olib borish;

o‘z faoliyatidan chetga chiqmagan holda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish (lyuks palatalar, mehmonxona xizmatlari, oshxona-kafe xizmatlari va h.k.);

Klinika qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Klinika O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tariflarni shakllantirish tartibiga muvofiq tashxis qo‘yish va davolash sifati bo‘yicha tasdiqlangan standartlarga ko‘ra ko‘rsatiladigan barcha turdagi tibbiy xizmatlar narxlarini mustaqil ravishda tasdiqlaydi.
  2. Klinika quyidagilarga majbur:

yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan kasallarga tashxis qo‘yish va ularni davolash sifati hamda standartlarining hozirgi zamon xalqaro talablari darajasida saqlanishini va rivojlantirilishini ta’minlash;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha quyidagilarga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish:

ro‘yxati O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida aniqlanadigan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga bepul asosda;

O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga (bundan ushbu bandning uchinchi xatboshida ko‘rsatilgan shaxslar mustasno), shuningdek, chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga pullik asosda;

o‘z ixtisosligi bo‘yicha oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning yangi texnologiyalarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning yuksak darajada o‘tkazilishini ta’minlash;

Klinika tibbiyot xodimlarining kasbiy darajasini, shu jumladan mutaxassislarning xorijiy yetakchi tibbiyot ta’lim muassasalarida va klinikalarida kasalliklarga o’z ixtisosligi bo‘yicha tashxis qo‘yish va ularni davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha stajirovkalarini tashkil etish hisobiga doimiy ravishda oshirib borish va takomillashtirish;

Klinika xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatni tashkil etish sharoitlarini yaratish va mehnatiga haq to‘lash, xavfsizlik texnikasi takdim etish, ularni ijtimoiy jihatdan ta’minlash va maqsadli ijtimoiy himoya qilish;

Klinikaning moddiy-texnik bazasini o‘z mablag‘lari va jalb etiladigan mablag‘lar hisobidan rivojlantirish hamda zamonaviy tibbiyot texnikasi va texnologiyalari bilan mustahkamlash;

mol-mulkdan aniq maqsadda foydalanish, uning butligini ta’minlash;

qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya va statistika hisobini hamda hisobotini yuritish;

ta’lim jarayoni va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlash.

Klinika, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

4-bob. Klinikaning mol-mulki

 

  1. Asosiy fondler, shuningdek, boshqa moddiy boyliklar va moliyaviy resurslar Klinikaning mol-mulkini tashkil etadi.
  2. Klinika doimiy foydalanish huquqlari asosida yer uchastkasiga egalik qiladi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z faoliyatining maqsadlariga, mulkdorning topshiriqlariga va mol-mulkning maqsadiga muvofiq o‘ziga biriktirilgan mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi, bunda byudjet mablag’lari va byudjetdan tashqari mablag’lardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
  3. Klinika qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha foydalanilmayotgan binolarni shartnoma asosida ijaraga berish, tushgan mablag’larni Klinikani moddiy-texnik rivojlantirish uchun ishlatish, shuningdek, asbob-uskunalar va mol-mulkni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda balansdan chiqarish huquqiga ega.

5-bob. Klinika tuzilmasi va Klinikani boshqarish

 

  1. Markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Markazning ko‘p tarmoqli klinikasi bosh shifokori hisoblanadi.

Klinika bosh shifokori O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

  1. Bosh shifokor o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi. Klinika bosh shifokorining o‘rinbosarlari Markaz direktori bilan kelishilgan holda bosh shifokor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
  2. Klinika bosh shifokori belgilangan tartibda Klinika faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ishlarni tashkillashtiradi, Klinika nomidan ishonchnomasiz ish ko‘radi, barcha tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi, Klinika mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan, mehnat shartnomalari to’zadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisob raqamlar ochadi, moliyaviy mablag‘larni tasarruf etish huquqidan foydalanadi, shtatlarni tasdiqlaydi, buyruqlar chiqaradi va Klinika faoliyatining natijalari uchun shaxsan javob beradi. Klinika xodimlarini qonun hujjatlariga muvofiq ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi.
  3. Klinika bosh shifokori bo‘lmagan hollarda uning vazifalarini uning o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
  4. Klinikaning va Markazning yetuk ilmiy xodimlari va mutaxassislaridan iborat Davolash Kengashi tashkil etiladi.
  5. Klinikaning Davolash Kengashi to‘g‘risilagi Nizom va uning shaxsiy tarkibi klinika bosh shifokori tomonidan tasdiqlanadi.
  6. O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Klinikaning aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini nazorat qiladi.

6-bob. Klinika faoliyatini moliyalashtirish

 

  1. Klinika faoliyati:

O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeta mablag’lari;

Klinikaning o‘z daromadlari;

grantlar va xayriya yordami;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

  1. Klinikaning o‘z daromadlari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:

normativ huquqiy hujjatlar asosida aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;

klinikaning ilmiy va o‘quv bazasida boshqa tibbiyot muassasalarining shu yo‘nalishdagi mutaxassislarini tayyorlash;

ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’lari quyidagi maqsadlarga ajratiladi:

ushbu Nizomga muvofiq Klinikaning mavjud bemor o’rinlari fondi va kontingentlarni qabul qilish quvvatining foiz nisbatida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga bepul asosda, shu jumladan, shoshilinch tartibda yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish bo’yicha klinika tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga haq to‘lash;

Klinikaning sog’liqni saqlashni rivojlantirishga doir davlat dasturlari va O‘zbekiston Respublikasining har yillik investitsiya dasturlari doirasida zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari va texnikalari bilan jihozlash;

Klinikani mukammal ta’mirlash, qayta qurish;

Ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun grantlar shaklida.

  1. Klinikaga aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq xizmatlarga haq to‘lash uchun ajratiladigan O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’larining anik mikdori O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi va Klinika tomonidan “Sog’liqni saqlash” sohasiga har yili byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida tegishli yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olishga bo‘lgan ehtiyojga qarab aniqlanadi.
  2. Klinikaga byudjet mablag‘lari O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har yili alohida qatorda qismlarga bo‘linmagan holda ajratiladi.
  3. Klinika xodimlari soni, ularning ish haqqi va moddiy rag‘batlantirish miqdori bajarilayotgan ishlarning murakkabligi, sifati va hajmiga qarab Klinika bosh shifokori tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanadi.
  4. Klinika tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan va boshqa xizmatlardan tushgan daromadlar doirasida mustaqil ravishda:

Klinika daromadlari va xarajatlari smetasini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

Klinika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shtat jadvalini tasdiqlaydi va lavozim maoshining bazaviy mikdoridan kelib chiqib, lavozim maoshlarini, shuningdek miqdori cheklanmaydigan ustama va qo‘shimcha haqlarni belgilaydi.

  1. Klinika xo‘jalik faoliyatidan tushgan daromadlarni mustaqil ravishda tasarruf etadi. Klinikaning o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijasida olgan foydasi O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tegishli soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin Klinika ixtiyorida qoladi hamda belgilangan tartibda:

Klinikaning moddiy-texnik bazasini yangilash, modernizatsiyalash va kengaytirish, zamonaviy tibbiyot texnikasini, inventar va asbob- uskunalarni xarid qilish;

Klinika xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

aylanma mablag‘larni to‘ldirish;

Klinika mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

tibbiy xizmatlarni reklama qilish;

Klinika faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.

Bunda Klinika ushbu bandda ko‘rsatilgan xarajatlarning ustuvorlik tartibini, yo‘nalishlarini va nisbatini o‘zi belgilaydi.

 

7-bob. Hisobga olish va hisobot

 

  1. Klinika qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritadi, ularni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga va O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etadi, hujjatlarning butligi va kelishilgan ro‘yxatga muvofiq davlatga saqlash uchun topshirilishiga  javob beradi.
  2. Klinikaning moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish va tekshirish moliya organlari, davlat soliq xizmati organlari, boshqa davlat organlari tomonidan ularning o‘z vakolati doirasida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda auditorlik tashkilotlar tomonidan ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

 

8-bob. Yakuniy qoida

 

  1. Klinikani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.