Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti) O‘rta Osiyo Respublikalaridagi shifokor kadrlarning malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, Prezidium Kengashining 1932 yil 22-iyunida №459 Qaroriga asosan tashkil topgan. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining maqsad va vazifalari faoliyatning ilk davridanoq aniq belgilab olindi. Bular:
– shifokorlarni malakasini oshirish va ixtisoslashtirish;
– ilmiy kadrlarni tayyorlash;
– sog‘liqni saqlash tizimiga tashkilotchi rahbarlarni tayyorlash;
Markazning rivojlanish bosqichlari sog‘liqni saqlash tizimining eng qiyin davrlariga to‘g‘ri keldi. O‘sha davrlarda respublikaning shahar va qishloqlarida vrachlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, milliy kadrlarni shakllantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifatini oshirish, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olish va ularni bartaraf etish masalalari eng katta muammolardan biri bo‘lgan.
Mashaqqatli bir davrda markazda kafedralarning o‘quv uslubiy, ilmiy-amaliy faoliyatini tashkil qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi vazifalar og‘ishmay amalga oshirib kelindi. Birinchi marotaba 6 ta kafedra ish boshladi va 84 ta vrachning malakasi oshirildi. Hayot bilan hamnafas tarzda markaz ham taraqqiy etib bordi va sog‘liqni saqlash tizimida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘z faoliyatini takomillashtirib bordi.
TXKMRMga tamal toshini qo‘ygan, uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yirik fan arboblari, professor-o‘qituvchilar, assistentlar o‘zlarining fidoiy mehnatlari bilan markaz hayotida o‘chmas iz qoldirdilar. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining sobiq rektorlari J.S. Pulatov, M.B. Sultonov, Z.A.Daminov, M.A.Mirzamuhamedov, Q.S.Zoirov. X.X.Xusanov va A.R.Raximjonovlarning ushbu dargohni bugungi nufuziga erishishida benazir mehnatlari bor.
Uzoq yillar davomida shakllanib, rivojlanib, davr talabiga moslashib borgan TXKMRMda turli davrlarda faoliyat olib borgan mohir ustoz pedagoglarning xotirasi, bizga qoldirgan bilim va tajribalari doimo yodimizda saqlanadi. Ularning nomlarini ehtirom ila tilga olamiz, professorlar S.A.A’zamxo‘jaev, N.A.Shamatov, K.Yu.Yuldashev, N.K.Boboxo‘jaev, Z.M.Jamolova, A.S.Zarzar, G.T.Ibragimov, D.S. Karimov, A.A.Kalanxodjaev, X.N. Muratova, A.R. Mansurov, Sh.Sh. Shomansurov va boshqalar.
Prezident Farmonlari va Qarorlarida, “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi” , “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Sog‘lom avlod uchun” Davlat dasturlarida uzluksiz ta’limni takomillashtirish, mutaxassislarni butun mehnat faoliyati davomida kasbiy mahoratini oshirib borishga imkon yaratadi. Kadrlarni malakasini oshirish va ixtisoslashtirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri sanaladi.
Yillar davomida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi nufuzi ortib bordi, ammo maqsad va vazifalari o‘zgarmadi. Markazda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar, yaratilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar diplomdan so‘ngi o‘qitish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga va yuqori malakali vrach kadrlarni tayyorlashga xizmat qildi.
Hozirgi kunda TXKMRMda 52 ta kafedra va 6 ta kursni qamrab olgan 5 ta fakultet faoliyat olib boradi: Tibbiy profilaktika fakulteti; Terapiya fakulteti; Xirurgiya fakulteti; Pediatriya fakulteti; Menejment, ijtimoiy va birlamchi sog‘liqni saqlash fakulteti.
Respublikadagi eng nufuzli, yetakchi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida markazning o‘quv bazalari joylashgan bo‘lib, RShTTYOM, RIKIM, Gematologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot instituti, V.Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy markazi, Teri-tanosil kasalliklari ITI, Ftiziatriya va pulmonoligiya ITI, Pediatriya IATM, Travmatolgiya va ortopediya ITI shular jumlasidandir. 1-SHKSH TXKMRMning asosiy klinik bazasidir.
VMning 04.04.2017dagi №174 Qarorini ijrosi borasida TXKMRMda Markaziy tashkiliy uslubiy kengash tuzilib, uning tarkibida nafaqat markaz xodimlari, balki Respublikaning barcha malaka oshirish fakultetlari xodimlari jamlangan.
Maprkazda hormay – tolmay mehnat qilib kelayotgan 418 ta professor-o‘qituvchilar tarkibida 3 ta akademik, 86 ta tibbiyot fanlari doktori, 110 ta professor va 170 dan ortiq tibbiyot fanlari nomzodi, 78 ta dotsentlar bor. Ularning ko‘pchiligi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a'lochisi” nishoniga sazovor bo‘lishgan. Markazimizda O‘zbekiston Qaxramoni professor Kamilov Xolidjon Maxamadjonovich ham mehnat qiladilar.
TXKMRM jamoasida el yurt tanigan, ko‘zga ko‘ringan olimlar: O‘zbekiston Qaxramoni professor X.M.Kamilov, O‘zFA Akademigi, A.M.Ubaydullaev, F.G.Nazirov, S.M.Baxramov professor Dj.M.Sabirov professor X.A.Akilov, sog‘liqni saqlash tashkilotchisi professor D.A.Asadov, professor A.A.Fazilov, professor B.G.Gafurov va boshqalar «El-yurt hurmati» ordeni sohiblari fidokorona mehnat qilmoqdalar.