Kafedraning ilmiy faoliyati - addiktiv xulq-atvorning turli shakllarida emotsional, shaxsiy va kognitiv buzilishlarni aniqlash, o'smirlarda ovqatlanish buzilishining klinik, psixologik va ijtimoiy jihatlarini o'rganishdan iborat.
O'quv jarayonidagi amaliy mashg'ulotlar quyidagi o'quv bazalarida amalga oshiriladi:
- Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIRSIATM);
- RIRSIATMning Toshkent shahar filiali;
- Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi.
Narkologiya kafedrasi 1998 yilda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining (06.06.1998 y. №300-son) buyrug'i va ToshVMOI rektorining (29.06.1998 y. №26-son) buyrug'i bilan tashkil etilgan. 2000 yilda kafedra nomi Narkologiya va o'smirlar psixopatologiyasi kafedrasi deb o'zgartirildi.
Kafedrada narkologiya fanidan 864, 504, 288, 144, 72 va 36 soatlik, bolalar psixiatriyasidan 864, 504, 288 va 144 soatlik hamda tibbiy psixologiya va psixoterapiya bo'yicha 720, 504, 288 va 144 soatlik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ushbu sohalarda mutaxassislarning malakasini oshirish uchun yangi o'quv dasturlari ishlab chiqilgan. Kafedra xodimlarining boy, deyarli 26 yillik faoliyat tajribasi turli soha shifokorlarining (narkologlar, tibbiy psixologlar, bolalar psixiatrlari) malakalarini oshirish bo'yicha ta'lim berishga imkon beradi. O'quv va ilmiy tadqiqotlar sohasida katta tajribaga ega bo'lgan kafedra xodimlari eng so'nggi zamonaviy tibbiy ma'lumotlar dunyosidan yaxshi xabardor bo'lib, respublikamiz mutaxassislari uchun eng foydali va zarur bo'lganlarini tanlab ta'lim beradilar. Barcha innovatsion topilmalar o'quv jarayoniga va tibbiy amaliyotga faol joriy etilmoqda.
Keyingi 5 yil davomida kafedrada respublikaning 1487 nafar turli mutaxassislik shifokorlari malaka oshirdi. Kafedra xodimlari amaliy va nazariy faoliyatni ilmiy faoliyat bilan uzviy bog'laydilar.
Tadqiqotning asosiy yo'nalishlari addiktiv xulq-atvorning turli shakllarida emotsional, shaxsiy va kognitiv buzilishlarni aniqlash, o'smirlarda ovqatlanish buzilishining klinik, psixologik va ijtimoiy aspektlariga bag'ishlangan.
O'rganish natijalari o'quv jarayoni va respublika narkologlarining amaliy faoliyatida, mahalliy va xorijiy davriy nashrlarda darhol o'z aksini topib, ilmiy darajalar himoyasi uchun ham asos bo'lib xizmat qiladi. Kafedrada 1 nafar fan doktori va 5 nafar tibbiyot fanlari nomzodi tayyorlandi. Kafedraning asosiy vazifasi narkologiya bo'yicha mutaxassislar, tibbiy psixologlar va bolalar psixiatrlarini jahon sog'liqni saqlash amaliyotida yaratilayotgan barcha yangi uslub va texnologiyalar bilan ta'minlashdan iborat.
Kafedra xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan.
1. BMT JNB (UNODC)
2.JSST
BMT JNB (UNODC) GL071 UNP OON «Treatnet-II: Giyohvandlik va uning salomatlikka yetkazayotgan oqibatlarini davolash», «Giyohvand moddalarni iste'mol qilishni davolash va reintegratsiya», shu jumladan «OIV-infektsiyasi profilaktikasi» Global loyihalarida muntazam ravishda bosqichma-bosqich ishtirok etadi.
BMT JNB (UNODC)ning «O'zbekiston Respublikasida giyohvand moddalarni muammoli iste'mol qilishning tarqalganligi» bo'yicha tadqiqot loyihasida ishtirok etadi.