
Bugun 19 mart kuni Respublika perinatal markazi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Go‘daklar nafas olishiga yordam berish” ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini boshladi.
Ilmiy-amaliy seminarda xalqaro ekspertlar – Drezden universiteti Sakson feto-neonatal salomatlik markazi direktori, professor – Mario Ryudiger, Drezden texnika universiteti tibbiyot fakulteti o‘qituvchisi – Frank Xaynke, Neuroplast BV kompaniyasi bosh shifokori – Boris Kramer "Chaqaloqlar reanimatsiyasi", “O‘pkaning ultratovush diagnostikasi”, “Exokardiografiya”, “Qorin bo‘shlig‘ining ultratovush diagnostikasi”, “Neonatal gigiyena”, “Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sepsisi”, “Gipotermiyani davolash” kabi dolzarb mavzudagi ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Mazkur seminarda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning viloyatlardagi filiallari hamda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi neonatolog shifokorlari ishtirok etmoqda.
O‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy seminar respublikada faoliyat yuritayotgan neonatologlar uchun yangi bilimlarga ega bo‘lish, xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashish imkonini beradi. Neonatologlar egallagan bilimlari yordamida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash, tashxislash va davolashda yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ilmiy-amaliy seminar 22 martga qadar davom etadi.