
9 MAY — XOTIRA VA IFTIXOR KUNI
1932-yilda tashkil etilgan Toshkent vrachlarni malaka oshirish davlat instituti Buyuk G‘alabaga katta hissa qo‘shgan.
1941–1945-yillar urush sharoitida institut front uchun 5 485 nafar shifokor, sanitariya xodimi va hamshiralarni tayyorladi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xalq komissari Yoqub Karimbabayevich Mo`minov farmoyishiga binoan institut binosi evakuatsiya gospitali — 3183-raqamli harbiy shifoxonaga aylantirildi. O‘quv yuklamasi besh barobarga oshirildi. O‘qituvchilar va shifokorlar nafaqat dars bergan, balki yarador askarlarni davolagan, infeksion kasalliklarga qarshi kurashgan, bosib olingan hududlardan evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga yordam ko‘rsatgan.
Institut tarixidagi yorqin sahifalardan biri — Lidiya Vasil’evna Kelginbayeva (qizlik familiyasi — Kiseleva) taqdiri bilan bog‘liq. U Voronej tibbiyot institutidan kelib, 3183-sonli gospitalda ishlagan. G‘alabadan so‘ng Toshkentda qolib, institutda dars bergan va tibbiy ta’lim rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Urushdan keyingi yillarda institutda professor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mahammadjon Komilov rahbarligida oftalmologiya kafedrasi faoliyat yuritgan. Uning ilmiy va pedagogik faoliyati milliy tibbiyotimizda chuqur iz qoldirgan.
G‘alabadan so‘ng Toshkent vrachlarni malaka oshirish instituti “Mehnat Qizil Bayroq ordeni” bilan mukofotlangan. Bunday yuksak unvon har bir oliygohga berilavermasdi. Bu mukofot institutning front va G‘alaba uchun qilgan ulkan xizmatlarining e’tirofi edi. Bu oddiy unvon emas — bu oq xalatli qahramonlarning jasorati, ma’naviy kuchi va professionalligini ifodalaydi.
Bugungi kunda institutning huquqiy vorisi — Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hisoblanadi. Professor Xabibullo Ataulloevich Akilov rahbarligidagi Markazda frontda xizmat qilgan shifokor avlodlari, ularning jasorati va G‘alabaga qo‘shgan hissasi haqida tarixiy-tibbiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Biz qahramonlarni e’zozlaymiz. Biz xotirani asraymiz. Biz an’analarni davom ettiramiz.
G‘alaba bayrami muborak bo‘lsin!
Oq xalatli askarlarga — shifokorlarga sharaf bo‘lsin!