Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi
Maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi
Toshkent 28.11.2025
Joriy yilning 28 noyabr kuni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi anjumanlar zalida “Birlamchi tibbiy yordam: Rivojlanish strategiyasi” II Xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. Sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari E.Basitxanova forumning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, birlamchi bo‘g‘inda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda xalqaro tajribalarni keng joriy etish borasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
E. Basitxanova so‘nggi yillarda birlamchi tibbiy yordam tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, oilaviy shifokor amaliyotini takomillashtirish, profilaktik yondashuvni kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tibbiyot xodimlarining malakasini uzluksiz oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur forum mamlakatimizda birlamchi tibbiy xizmatni takomillashtirish, aholiga sifatli va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini mustahkamlash hamda xalqaro tajribalarni o‘zaro almashish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda respublikaning turli hududlaridan yetakchi mutaxassislar, shuningdek, qator xorijiy davlatlardan soha ekspertlari, professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi shifokorlar ishtirok etmoqda.
Forum doirasida birlamchi bo‘g‘inda profilaktika, raqamlashtirish jarayonlari, oilaviy shifokor amaliyoti, zamonaviy tashxis usullari va xizmat sifati kabi yo‘nalishlarda ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, amaliy uchrashuvlar, ilmiy munozaralar va tajriba almashish sessiyalari ham tashkil etiladi.
Mazkur xalqaro platforma tizimdagi islohotlar samaradorligini oshirish, yangi g‘oya va tashabbuslarni joriy etish, hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i: Sh.R.Maksudova
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi metodisti: M.B.Mustafoyeva