Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi
Maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi
Toshkent 27.11.2025
2024-yil 27-noyabr kuni “Pediatriya” fakultetida “Ma’naviyat kuni” munosabati bilan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy va musiqiy tadbir tashkil etildi. Tadbir avvalida fakultet dekani, dotsent Sh.X. Saidazizova kirish so‘zi bilan qatnashchilarga murojaat qilib, fakultetning shakllanish tarixi, uning bugungi yutuqlari va kelgusidagi ustuvor maqsadlari haqida batafsil ma’ruza taqdim etdi.
Tadbir davomida bir qator soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, “O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati” kafedrasi mudiri, professor M.N. Nuritdinov “Qarindoshlar nikohi va uning asoratlari” mavzusida ilmiy asoslangan prezentatsion ma’ruzasini taqdim etdi. Unda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning sog‘liq va kelajak avlod salomatligiga ta’siri, profilaktika choralari haqida keng yoritib berildi.
Shuningdek, “Bolalik davri asab kasalliklari” kafedrasi mudiri, professor Sh.Sh. Shamansurov “Hayot va tarbiya” mavzusidagi ma’ruzasi bilan chiqish qildi. U bolalar psixologiyasi, onaning tarbiyadagi o‘rni, bola salomatligida erta kuzatuv va sog‘lom muhit ahamiyati haqida qiziqarli faktlar bilan boyitilgan taqdimot namoyish etdi. Mazkur ma’ruza tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va samimiy ruh bag‘ishladi. Tadbirda, shuningdek, “Preventiv tibbiyot. Valeologiya asoslari” mavzusida “Valeologiya” kafedrasi mudiri, dotsent N.N. Fayziyeva tomonidan ma’naviy-ma’rifiy mazmunga ega taqdimot o‘tkazildi. Unda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning valeologik savodxonligini oshirish borasida dolzarb ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida el ardog‘idagi san’atkor, so‘z ustasi, aktyor va “Zo‘r TV” telekanalining “Xayirli tong” dasturi boshlovchisi O‘tkir Muhammadxo‘jayev, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi ashula va raqs ansamblining ijodkorlari ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular tomonidan kuy-qo‘shiqlar, jonli ijrolar va badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Musiqiy dastur davomida shifokorlar jasorati, fidoyiligi, inson salomatligi yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi, shuningdek Vatan tinchligi, mehr-oqibat va birlik haqida kuylangan qo‘shiqlar tinglovchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Sahnadagi har bir chiqish tadbir ishtirokchilariga ruhiy ko‘tarinkilik, iliqlik va faxr tuyg‘usini ulashdi.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i: Sh.R.Maksudova
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi metodisti: M.B.Mustafoyeva