MUSABAYEV ERKIN ISAKOVICH
1983 yilda «Virusli gepatit A va V larni davolashda sitoxrom C ning klinik va immunologik parametrlari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1991 yilda «Tif va virusli gepatitda asetillanish jarayonlari va monooksigenaza fermentlar tizimining klinik-patogenetik ahamiyati» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995 yildan professor unvoni berilgan. 2024 yildan O‘zRFA akademigi unvoni berilgan.
Ilmiy darajalarni berish bo‘yicha ilmiy kengash a’zosi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ilmiy kengash a’zosi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kengashi raisi, Yevropa gepatologlar assosiatsiyasining a’zosi, O‘zbekiston gepatologlar uyushmasini raisi, Bir qator mahalliy va xorijiy ilmiy tibbiy jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi. Yevropa komissiyasi, Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (AQSH, Atlanta), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, Emlash va immunoprofilaktika Global Alyansining bir qator xalqaro grantlari ishtirokchisi va ordinatori. Yevropa-Osiyo yuqumli kasalliklar jamiyati (Rossiya) a’zosi. Ilmiy faoliyatning asosiy yo‘nalishlari: O‘zbekistonda virusli gepatitlar, virusli diareya va boshqa yuqumli kasalliklarning patogenezi, davolash va molekulyar epidemiologiyasini o‘rganish. Virusli gepatitlar, OIV, COVID-19 va odam papilloma virusi bo‘yicha bir qancha milliy va xalqaro tadqiqotlar ordinatori.
5 ta monografiya, 300 dan ortiq maqola, 30 ta uslubiy ko‘rsatma, 50 dan ortiq o‘quv dasturlari chop etilgan. 18 ta tibbiyot fanlari nomzodi va 5 ta fan doktorlarini tayyorlagan.
Uning rahbarligida Respublikamizda:
1. O‘zbekistonda ilk bor Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va olib kirilayotgan tashxisot diagnostikumlarining sifatini nazorat qiluvchi Referens laboratoriya tashkil etildi.
2. O‘zbekiston Respublikasi uchun dolzarb bo‘lgan viruslarni (V, C, D gepatit viruslari, OIV) aniqlash bo‘yicha PZR usuli joriy etildi, bu esa virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida va samarali tashxislash va davolash imkonini berdi.
3. Qrim-Kongo gemorragik isitmasini Ribaverin dori vositasi yordamida davolashning qo‘shimcha usuli ishlab chiqildi va joriy etildi.
4. Virusli diareyaning etiologik tuzilishi, shu jumladan, rotavirus infeksiyasi epidemiologiyasi va ushbu infeksiya bilan kasallanish o‘rganildi.
5. Surunkali HBV, HCV va HDV infeksiyalarida fibroz va birlamchi jigar saratoni rivojlanishida mikroRNKlarning patogenetik va tashxisiy roli o‘rganildi.
6. O‘zbekistonda ilk bor parvovirus V19 infeksiyasining klinik-laborator jixatlari o‘rganildi.
7. Surunkali virusli gepatit bilan bog‘liq GSKda PIVKA II usulining sezgirligi va spesifikligi o‘rganildi.
8. Kasalliklarni tahlil qilish markazi jamg‘armasi (CDAF, AQSH) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda gepatitni eliminatsiya qilish bo‘yicha (Uzbekistan Hepatitis Elimination Program (UHEP) tajriba-sinov ishlari olib borildi.