Shrift o'lchami: A A A
Fon rangi: A A
Ishonch telefoni (+998 71) 268-17-44
Elektron pochta info@tipme.uz

Ubaydullayev Abdulla Muharramovich

Ubaydullayev Abdulla Muharramovich
Tibbiyot fanlari doktori, professor, Akademik

UBAYDULLAYEV ABDULLA MUHARRAMOVICH

 

A.M.Ubaydullayev tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi akademigi, shuningdek, Yevropa Respirator jamiyati faxriy a’zosi (Parij), Xalqaro sil va o‘pka kasalliklariga qarshi kurash ittifoqi a’zosi (Parij), Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, “Inter-astma Rossiya – MDX jamiyati” boshqaruv a’zosi (Moskva), Rossiya fanlari akademiyasi doktori (Moskva), O‘zbekiston pulmonologlar jamiyati raisi (Toshkent), Markaziy Osiyo pulmonologlar Assotsiatsiyasi Vitse-Prezidenti (Tashkent), Yevro Osiyo pulmonologlar Assotsiatsiyasi Elekt-Prezidenti.

Uzoq yillar Ubaydullayev Abdulla Muxarramovich – Markaziy Osiyoda mashxur internist olim, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti) pulmonologiya va klinik allergologiya kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi bosh pulmonologi bo‘lib ishlaganlar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi.

1934-yilda tug‘ilgan. 1958-yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tamomlagan. 1956-1958-yillarda Toshkent 1-shaxar klinik kasalxonasida feldsher, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti terapiya kafedrasida 1958-1960-yillarda ordinator, 1961-1963-yillarda aspirant, 1964-1967-yillarda assistent, 1967-1968-yillarda dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1965-yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1974-yilda Moskvada doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1978-yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida klinik pulmonologiya kafedrasini Sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib tashkil etgan.

1979-yilda professor unvoniga ega bo‘lgan va bu kafedrani 2014-yilgacha boshqargan. 11 yil mobaynida (1975-1986-yillar) ToshVMOIda terapiya fakulteti dekani, keyinchalik davolash ishi bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan.

1986 yilda Sil ksalliklari ilmiy tekshirish institutiga direktor etib tayinlandi. Institutda uning raxbarligida ilmiy va amaliy ishlar ko‘lami kengaytirildi va pulmonologiya fanini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy ishlarga asos solindi. U yaratgan pulmonologlar maktabi o‘pkaning nospetsifik kasalliklari epidemiologiyasi va genetik jixatlari xususida ishlab, o‘pka kasalliklarini oldini olish va davolash bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda.

A.Ubaydullayev taklifiga binoan “Sil kasalligi ilmiy tekshirish instituti” 1989 yildan boshlab “Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy tekshirish instituti” deb ataldi.

2014 yildan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti) pulmonologiya va klinik allergologiya kafedrasi professori.

A.Ubaydullayev Respublikamizda bronx-o‘pka kasalliklari o‘z vaqtida aniqlash, irsiyatning ta’siri, davolash, uning kelib chiqishida ekologik o‘zgarishlar ta’sirini o‘rgandi. Bu vaqt orasida Respublikamizda 6000 dan ortiq pulmonologlar va umumiy amaliyot vrachlarini malakasini oshirishda faol qatnashib kelmoqda. Uning raxbarligida 25 ta doktorlik va 39 ta nomzodlik disertatsiyalari yoqlangan.

A.Ubaydullayev 25 nafar tibbiyot fanlari doktorlari va 39 nafar fan nomzodlarini yetishtirib, O‘zbekistonda e’tiborli pulmonologlar maktabini yaratgan. Xozirgi kunda olimning shogirdlari O‘zbekiston, Rossiya va Markaziy Osiyoning boshqa respublikalarida, xamda Amerika Qo‘shma Shtatlarida ilmiy ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilib kelmoqda. A.Ubaydullayev 700 dan ortiq ilmiy maqolalar, ulardan 100 dan ortig‘i chet mamlakatlarda, 20 ta monografiya, 5 ixtiro, 30 dan ortiq vrachlar uchun metodik qo‘llanmalarchop etilgan. Uning tashabbusi bilan sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib 1978 yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tarkibida Pulmonologiya va klinik allergologiya kafedrasi va Respublika pulmonologiya xizmat tashkil etilgan.

A.Ubaydullayev ixtisosi va ilmiy-amaliy qiziqishlari jixatidan 40 dan ortiq xalqaro kongress, konferensiya va s’ezdlarda mintaqaviy tashkilotlar bilan ham aloqalarni mustahkamlashga intiluvchi Yevropa (Buxarest, Budapesht, London, Parij, Barselona, Berlin, Insburg, Nitssa, Bryusel, Vena, Jeneva, Glazgo va boshqalar), Osiyo mamlakatlaridagi (Dexli, Bombey, Istambul, Antaliya), AQSH (Nyu-York, Vashington, Chikago), Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, deyarli xamma sobiq Ittifoq respublikalari poytaxtlarida) va boshqa mamlakatlardagi yirik anjumanlarda qatnashgan kezlarida O‘zbekistondagi ftiziatriya va pulmonologiya ilmining qo‘lga kiritgan yutuqlarini izchillik bilan yoritib beruvchi vatanparvar olimdir.

Oliy insoniy xislatli olimning ko‘p qirrali butun umri fanga va xalqqa bag‘ishlangan xizmat mezonidir.

Bugungi kunda Abdulla Muxarramovichning shogirdlari va izdoshlari mamlakatimizning turli tarmoq va soxalarida, shuningdek xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli ishlab, uning ishlarini davom ettirib kelmoqdalar.

Du
08:00 - 17:00
Se
08:00 - 17:00
Cho
08:00 - 17:00
Pa
08:00 - 17:00
Ju
08:00 - 17:00
Sha
-
Ya
-