Davlatimiz tomonidan alohida e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgan insonlar qatorida Tibbiyot hodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish Markazi direktori, uzoq yillar davomida xalqimizning sihat salomatligi, ta’lim, fan sohalari taraqqiyoti yo’lida katta ishlarni amalga oshirib kelayotgan xalqaro maydonda tanilgan, shu bilan birga ”Xirurgiya va bolalar xirurgiyasi” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Xabibulla Ataullayevich, 1957 yilda ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek.
1980-yilda SAMPIni tamomlagan
1980-1982 - SAMPI “Normal anatomiya” kafedrasi assistenti
1983-1985 yillar - V.V.Vohidov nomidagi RIJIATMda klinik ordinator
1985-1991 yillarda V.V.Vohidov nomidagi RIJIATMda ilmiy xodim
1991-1998 yy. V.V.Vohidov nomidagi RIJIATMda katta ilmiy xodimi
1998-2003 yillarda - V.V.Vohidov nomidagi RIJIATM direktori
2003-2017 yillarda ToshIUV o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor.
2017 yildan hozirgi kungacha – TXKMRM direktori
Xabibulla Ataullaevich – ko‘p yillar mobaynida kattalar va bolalar xirurgiyasi xizmatining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shayotgan yirik mutaxassis, O‘zbekistonda tan olingan olimdir. Xabibulla Ataullaevich nafaqat kattalar, balki bolalar xirurgiyasida qilgan ishlari bilan yetuk iste’dod egasi ekanligini isbotladi.
Uning boshchiligida 2006-2012 yillarda bolalarda qo‘shma jarohatlarini davolashni tubdan takomillishtirish amalga oshirildi, dolzarb bo‘lgan siydik yo‘llari tug‘ma nuqsonlarini davolash bo‘yicha yangi operatsiya usullari o‘ylab topilib, tatbiq qilindi. 2014-2018 yillarda zamonaviy texnik innovatsion dastur va texnologiyalarni qo‘llash natijasida qorinning aralash jarohatlari bo‘lgan bolalar o‘limi va kasallanish ko‘rsatkichlari Respublikada keskin pasaydi. Xabibulla Ataullaevich rahbarligida qorin bo‘shlig‘ining o‘tkir patologiyalari bo‘lgan bemorlarga endovideoxirurgik operatsiyalarni amalga oshiradigan xirurglar maktabi yaratildi, 2016-2019 yillarda bolalarda chandiqli ichak tutilishini oldini olish va samarali davolash bo‘yicha ilmiy izlanish olib borildi hamda yangi usul ishlab chiqildi. Hozirga kelib, Respublika shoshilinch tibbiy yoradam markazida o‘zining “Shoshilinch bolalar xirurgiyasi” maktabiga asos soldi.
Xabibulla Ataullaevich tomonidan 2018 yilda tanasida 16 ta yot jism (igna) bo‘lgan 9 oylik bola muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. 2006 yilda “Siam egizaklari” operatsiyasini Rossiyalik mutaxassislar bilan birgalikda bajargan bo‘lsa, 2022 yilda Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatining Aravon tumanida yashovchi Fotima Zuhra Siam egizaklarini 19 dekabr kuni Xabibulla Ataullaevich O‘zbekistonda birinchi bo‘lib muvaffaqiyatli ajratish amaliyotini mustaqil bajardi.
Xabibulla Ataullaevich Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori sifatida Ta’lim dasturlari xalqaro standartlar asosida to‘liq yangilanishiga, simulyatsion tibbiyot tizimini yaratishga, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimining “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishiga, xorijiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga va innovatsiyalarni joriy etishga muvaffaq bo‘lindi.
Uning rahbarligida 9 ta doktorlik va 29 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan, hozirgi kunda yana 6 ta dissertatsiya ustida izlanishlar olib borilmoqda.
Professor Xabibulla Ataullaevich 2 ta xalqaro, 2 ta amaliy va 10 ta fundamental loyihaga rahbar bo‘lib, ularning natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etilgan. U 500 dan ortiq ilmiy nashrlar, jumladan, 10 ta monografiya, 250 ga yaqin ilmiy maqola, ulardan 45 tasi xorijiy nashrlarda, 13 ta patent, qator mualliflik guvohnomalari, ratsionalizatorlik takliflari va uslubiy tavsiyalar muallifidir. Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazasida ilmiy nashrlarga ega.
Hozirgi kunda Xalq deputatlari (to‘rtinchi saylov)Toshkent shahar kengashi deputatidir. Xabibulla Ataullaevich bir qator ilmiy jurnallarning tahririyat a’zosi, Oliy Attestatsiya Komissiya ekspert kengashi a’zosi.
Professor Xabibulla Ataullaevich shuningdek, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash a’lochisi, “O‘zbekiston Mustaqilligining 10 yilligi”, “O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligi”, “O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi”, ko‘krak nishonlariga ega va Ukrainaning Georgiy “Shon - Shuhrat Mehnat” medali sohibi. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori X.A.Akilov 2024 yilning Iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi "Turon" Akademiyasi Akmademigi Unvoni bilan taqdirlandi.